Hurmatli fuqarolar! Rasmiy veb-saytimizda texnik ishlar olib borilayotganligi munosabati bilan qisqa uzilishlar yuzaga kelishi mumkin. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.

Tizimda navbatdagi tayinlovlar amalga oshirildi

 2022-10-22 08:48:00 591 Chop etish

Rasmiy  munosabat

BIR  TOMONLAMA  “TADQIQOT”
yoxud  “Kun.uz” nega masalani jiddiy o‘rganmadi?

   “Kun.uz” rasmiy kanalida “Hokimlarning ishlari biz uchun jumboq” sarlavhasi ostida xonqalik fuqaro Sh. Xo‘janiyozovning murojaati tarqaldi.

  Aslida gap nima haqida bormoqda?

      Xonqa tumani hududida 2018-yilning 19-sentabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 44-sonli qaroriga asosan “XORAZM TEX” MCHJ paxtachilik-to‘qimachilik yo‘nalishida klasteri tashkil qilindi va o‘tgan to‘rt mavsumda mazkur klaster tuman fermerlariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

      2022 yilning 26 yanvar sanasida tumanda faoliyat yuritayotgan bir nechta fermer xo‘jaligi rahbarlari o‘zaro kelishib, “XONQA GOLD FIBER” ishlab chiqarish kooperativi tashkil qilishgan. Kooperativ nizomida faoliyat yuritish uchun paxta xom ashyosini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash uchun tegishli tartibda maxsus ruxsatnoma olish belgilangan.

       Xorazm viloyat adliya boshqarmasining 2022-yil 27-sentabrdagi rasmiy javob xatida “Ishlab  chiqarish kooperativi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, ammo paxta xom ashyosini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnoma olganidan keyingina o‘z faoliyatini boshlashlari mumkinligi bildirilgan.

      Taʼsischilar mazkur kooperativni tashkil qilishda Prezidentimizning 2020-yil 6-martdagi 4633-sonli Qarorini asos  qilishadi. Aslida esa  Prezidentimizning mazkur Qarorida  “paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan respublika hududlarida fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy ravishda  birlashishi asosida paxta tozalash korxonalari negizida paxta xom-ashyosini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi kooperatsiyalar tashkil qilinishi” nazarda tutilgan.

     Yangi tashkil qilingan kooperativ aʼzolariga chigit ekish,  hosil yetishtirish jarayonlarida hech bir tashkilot tomonidan amaliy yordam berilmagani sababli tuman hokimligi tomonidan fermer xo‘jaliklari manfaatlarini ko‘zlagan holda, paxta-to‘qimachilik sohasida faoliyat yuritayotgan klaster bilan shartnoma tuzish yuzasidan takliflar bildirilgan. Bundan tashqari, paxta yig‘im-terim mavsumida yetishtirilgan hosil taqdirini ko‘zlab, uning nobud bo‘lib ketmasligi uchun barcha standartlarga javob beruvchi qabul punktiga topshirish bo‘yicha ham ogohlantirilgan.

     Sababi, 3 ta fermer tomonidan 2022-yilda 175 gektar maydonda yetishtirgan bir nechta yuz tonnalik paxta xom ashyosini hozirgacha o‘zlari qurgan punktda saqlanmoqda.

     Xorazm viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 2022-yil 28-sentabrda 3/12-1971-sonli xulosasida “XOHQA GOLD FIBER” ishlab chiqarish kooperativi tomonidan paxta xom ashyosini qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan paxta xirmonida bir qancha kamchiliklar mavjudligi sabab O‘zbekiston Respublikasi qonunlari talablariga javob bermasligi ko‘rsatilgan.

 Bunga bir misol sifatida  oladigan bo‘lsak mazkur paxta saqlash punkti yong‘in xavfsizligi qoidalariga  javob bermasligidir 

1.   Hududda yong‘in o‘chirish bo‘linmalari (yong‘in-qorovullik xizmati, ko‘ngilli yong‘in o‘chirish drujinalari)  va yong‘inga qarshi texnika, qurollar hamda  aloqa vositalari saqlash xonalari mavjud emas”. Yana  xonalar yong‘indan avtomatik  xabarlash uskunalari  bilan jihozlanmagan.

2.   Ko‘chma lentali transportyorlar joylashadigan joylarda “Elektr qurilmalarini o‘rnatish” qoida talablari  asosida statsionar va yer ostida joylashtirilgan kabelli elektr  taqsimlash uskunalari o‘rnatilmagan. 

3.   Paxtani to‘kish uchun hududda maxsus o‘lchamli (25x14 yoki 22x11 metr) g‘aramlar tashkil qilinmagan. Ko‘chma mexanizmlar uchun qo‘llaniladigan egiluvchan  kabellarining qobig‘i tok qarshiligi bo‘yicha sinovdan o‘tkazilmagan. 

4.   Hududda yong‘inni o‘chirish uchun suv hovuzi yoki yong‘in  o‘chirish gidrantlari mavjud emas.
5.   Paxta xom ashyosini saqlash maydonlari bilan turar joy, jamoat va boshqa binolaridan hamda taʼmirlash  sexlari oralig‘ida kamida 150 metrlik masofa  saqlanishi lozimligiga rioya qilinmagan.


Bir so‘z bilan aytganda, 3 ta fermer xo'jaligi yil davomida yetishtirgan va qonun-qoidalar talablariga javob bermaydigan punktda saqlayotgan paxta xom ashyosining taqdiri xavf ostida qolmoqda.

 “Kun.uz” rasmiy kanali mutasaddilari ushbu holatni atroflicha o‘rganmasdan, manfaatdor va masʼul boshqa taraflar fikri, tegishli tashkilotlar xulosalari bilan tanishmasdan turib, hamma aybni tuman hokimi zimmasiga yuklayotgan ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlarga zidligi, video lavhani tayyorlashda xolislik mezonlariga   ko‘z yumilganini eslatishni lozim topdik.

                          

                               Xonqa tuman hokimligi axborot xizmati.