XONQA TUMAN FERMERLAR KENGASHINING M U R O J A A T I | xonqahokimiyat.uz

 2025-03-14 09:21:00 94 Chop etish

 

Hurmatli fermerlar!

 

So‘ngi yillarda mamlakatimizda ko‘kalamzorlashtirish, o‘simliklarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish-xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, o‘zimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tufayli ko‘nglimiz shodlikka to‘ladi, turmushimiz fayzli va farovon bo‘ladi. Demak, xalqimizning ibratli o‘tmishi o‘zimiz yashayotgan muhitda tabiatga oqilona munosabatda bo‘lib, uni asrab avaylash, kelgusi avlodlar ham yashashi uchun qulay makon barpo etishga undaydi.

Ayni chog‘da bog‘lar, ko‘chalar hamda yo‘l chetlarida yashnab turgan daraxtlar tevarak-atrofga ko‘rk ulashishi barobarida havo musaffoligini taʼminlab, dasturxonimizni mevalar bilan to‘ldiradi.

Daraxtlarga mehr berish, ularni parvarishlash eng ezgu va xayrli amal sanaladi. Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash xalqimizning asrlar sinovidan o‘tgan milliy qadriyatidir.

Muhtaram Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi "Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi PQ-465-sonli qarori bilan belgilab bergan topshiriqlari ana shunday ezgulik yo‘lidagi juda ham muhim tashabbusdir.

Prezidentimizning ushbu qarorlari bilan Siz, aziz fermerlarga bir qancha yengilliklar va imtiyozlar berilgan. Jumladan;

-ichki fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul beriladi;

-dala chetlariga ekilgan “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har bir mevali payvandtagli ko‘chatga 25 ming so‘mdan oshmagan holda Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamgarmasidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi;

- qishloq xo‘jaligi maxsulotlari yetishtiruvchilari dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug, ko‘chatlar, mineral o‘gitlar, kimyoviy preparatlar, moddiy texnik resurslar bilan taʼminlanadi;

-suv bilan taʼminlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatish xarajatlarining 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan kismini karz oluvchining bank kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan b oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yukori stavkada kreditlar ajratiladi;

-quritish sexi va sovitkichli omborxonalarni xarid kilishga Fermerlarni qo‘llab-quvvatlash jamgarmasi hisobidan 50 milliard so‘m mablag ajratiladi;

-qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada ajratilishi, bunda kredit summasining 60 foizi bo‘yicha garov taʼminoti sifatida o‘rnatiladigan quritish sexi va sovitkichli omborxonalar olinishi, 40 foizi bo‘yicha garov taʼminoti sifatida ularning kaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi olinadi;

Bundan tashqari, mazkur qarorga muvofiq fermer xjaliklariga tegishli maydonlarning dala chetlariga har yili 1 aprelga qadar ekin ekmaganlik va yil davomida mahsulot yetishtirmaganlik holatlari aniqlanganda belgilangan tartibda quyidagi choralar qo‘rilishi belgilab qo‘yildi. Jumladan;

-kishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga ularning barcha kishlok xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlari uchun yer solig‘i stavkasi uch karra miqdorida hisoblanadi,

-Kishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan belgilangan tartibda ajratiladigan kredit resurslari hisobidan moliyalashtirish to‘xtatiladi;

-dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanadi;

Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek "Yashil makon" vijdonimiz, bo‘lajak hayotimiz, farzandlarimiz oldidagi maʼsuliyatimizdir!

Ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, dala chetida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish kabi tadbirlarida keng jamoatchilik qatori Siz mehnatkash fermerlarimizning ham munosib ulushlaringiz bor.

Joriy yil bahor mavsumida Siz ham dalangiz chetidagi bo‘sh yerlarga ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, dala chetida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga o‘z hissangizni qo‘shing.

Buning uchun tumanimizdagi ko‘chat yetishtiruvchi fermer, dehqon xo‘jaliklarida va tomorqa yer egalarida 850 mingdan ziyod har xil turdagi mevali va boshqa manzarali daraxt ko‘chatlari mavjud.

Siz ular bilan hamkorlik qilsangiz, yurtimiz yashillik olamiga burkanishiga o‘zingizning munosib hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.

 

Hurmatli va aziz fermerlar!

Sizlarni hurmatli Yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, dala chetida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish tadbirlarida faol ishtirok etishga chaqiramiz!

Bu bilan siz xalqimizga xos ezgu fazilatlarga o‘zingizning munosib hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz!

Zero, nafaqat hovli va uylarimiz, mahalla, shahar va mana shu vatan ham o‘zimizniki, uning ozodaligi va ko‘rkamligiga barchamiz masʼulmiz.

Vatanimiz obodligiga o‘z hissamizni qo‘shaylik!