Yer bilan, tabiat bilan tillashib ishlagan dehqongina  yaxshi natijalarga erisha oladi | xonqahokimiyat.uz

 2025-05-12 03:49:00 77 Chop etish

Yer bilan, tabiat bilan tillashib ishlagan dehqongina  yaxshi natijalarga erisha oladi!

Taniqli tadbirkor Egamberdi Sobirov  Xorazm viloyatining Xonqa tumanida 1968 yil 29 dekabrda dehqon oilasida tug‘ilgan.  U tumandagi 30- sonli umumtaʼlim maktabida, keyinchalik 1988 – 1991 yillarda Xiva qishloq xo‘jaligi texnikumida o‘qigan. Texnikumni tugatgach ilk ish faoliyatini  “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida agroximik–agronom vazifasida boshlagan.

Egamberdi Sobirov texnikumda o‘qib yurgan paytlaridayoq o‘zining tirishqoqligi, dehqonchilikka bo‘lgan ixlosi bilan boshqa talabalardan ajralib turar,  ekin turlari bo‘yicha erinmasdan maʼlumotlar to‘plar edi. U davrlarda internet tarmoqlari bo‘lmagan,  bo‘lajak fermer o‘rta maktabda ham,  texnikumda ham hatto kompyuter oldida o‘tirib ko‘rmagan. Qahramonimizning eng yaqin ko‘makchisi kutubxona edi. Texnikumning quyosh nuri g‘ira-shira tushib turadigan eski kutubxonasi uning sevimli joyi bo‘lgan. U darlarda qishloq xo‘jaligiga oid kitoblar deyarli rus tilida bo‘lganligi sababli shularni o‘qib, tushunish uchun rus tilini o‘rgangan.

2006 yili ota-onasining nomiga atab “Sultonboy  Xonimjon” fermer xo‘jaligini tashkil qilib,  butun oilasi bilan fermerlik faoliyatini rivojlantirishga kirishgan. Turmush o‘rtog‘i,  Jabbor akasi,  Norjonoy singlisi,  Madamin ukasi  ham uning yoniga qanot bo‘lib xo‘jalik ishlarida katta yordam berib kelishmoqda.

Oilali. Turmush o‘rtog‘i Tozagul Egamberdiyeva bilan birgalikda ikki nafar o‘g‘il farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazishgan.  O‘g‘illari Ulug‘bek va Umidjon ota izidan borib,  fermer xo‘jaligida birgalikda mehnat qilishmoqda.

Ayni paytda “Sultonboy Xonimjon” fermer xo‘jaligining ekin maydoni 98 gektar maydonni tashkil etadi. Fermer xo‘jaligida 28 nafar doimiy va 100 ga yaqin mavsumiy ishchilar mehnat qilishmoqda.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, zamonaviy agrotexnika usullarini qo‘llash orqali hududning og‘ir va murakkab sharoitida ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash, paxta va g‘alla yo‘nalishlarida yuqori hosildorlikka erishish, aholi farovonligini oshirishga qo‘shayotgan munosib hissasi, shuningdek, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi faoliyatini namunali yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi katta xizmatlari hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun  Egamberdi Sobirov 2025 yil 18 martda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Kasb sifatida qishloq xo‘jaligini tanlashimga otam va bobomning dehqonchilik bilan  shug‘ullanishganliklari sabab bo‘lgan. Yaʼni, dehqonchilik  - menga  ota kasb. Mashoyixlar ota  kasbini ulug‘laganlar  xor bo‘lmaydi, deyishgan. Demak, men va mening farzandlarim  o‘z rizqini yerdan topib kelayotgan sulolaviy ishni davom  etdiryapmiz.

Bolalagidan otasining yonida yurib,  uning  har  bir ishida  ko‘makchi bo‘lish farzandga  agrar universitetning sabog‘ini beradi, deb o‘ylayman. Chunki ota  farzandiga dehqonchilik ilmining ikir-chikirlarigacha erinmasdan o‘rgatadi. Otasidan dehqonchilik ilmini o‘rgangan farzand voyaga yetguncha o‘zi  ham tuppa-tuzuk dehqon bo‘lib yetishadi.

Xullas, men aqlimni taniganimdayoq kelgusida dehqon bo‘lishimga ishonganman. Hayotimni boshqa kasbda tasavvur ham  qila olmayman.

Fermer  xo‘jaligini  2006 yilda  tashkil qilganman. Oldingi savolga javobimda aytdimki, maqsadim  ota kasbini davom ettirish bo‘lgan.

Otam kolxoz davrida paxta brigadiri bo‘lganlar. U kishi doim oyog‘iga qo‘nji qayrilgan etik kiyib yurardilar. Yurganlarida gursillagan tovush chiqardi. Otamning qadamlarini uyda o‘tirib birinchi onam sezardilar

“Ana otang kelyaptilar, tezda qo‘llariga suv tayyorlang, jahllari chiqsa,  ovqatlanmay yana dalaga qaytib ketadilar”,  deya bizlarni otamning kelishlariga hamma narsani taxt qilishimizga undardilar.

Otam hammamizni bir- bir peshonamizdan o‘pib,  tezda dasturxon atrofiga chorlardilar. Qanday qiyinchilik bo‘lmasin, ishlari ko‘p bo‘lmasin,  ular  kelib biz bilan ovqatlanib ketardilar. Oilaning birdamligi, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish, bir to‘g‘ram nonni ham birga bo‘lib yeyish odati bizga otamdan o‘tgan. To hanuz og‘a-inilar birga harakat qilamiz. Asosan fermerlik sohasini rivojlantirishimizda, hosildorlikning yuqori bo‘lishiga erishishda otamning o‘gitlari asos bo‘lib kelyapti.

1991 yili Xiva qishloq xo‘jaligi texnikumini  “agronom” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlaganimdan keyin Xonqa tumanimizning o‘zim yashayotgan  “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida  agroximik-agronom, biolaboratoriya mudiri, yer tuzuvchi vazifalarida 15 yil ishladim. Ko‘rinib turibdiki,  fermer xo‘jaligi tashkil qilguncha qadar ham faqat qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat ko‘rsatdim.

Albatta, bu davrda men otamdan o‘rgangan saboqlarim yoniga yana  qo‘shimcha zamonaviy bilim va amaliy tajribalarni oldim.

Yangi O‘zbekistonda Yurtboshimiz tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga alohida eʼtibor bilan qaralayotgani, yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasi o‘laroq sohada katta  o‘sish yuz bermoqda.

Davlatning moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi hisobiga yangi texnika va texnologiyalarning keng kirib kelishi, urug‘lik va   mineral o‘g‘itlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishi fermerlarga katta yordam bo‘lmoqda.

 Bundan tashqari,  yetishtirilgan mahsulotdan manfaatdorlik sharoitining kuchaytirilganligi fermerlarning yana-da shijoatliroq ishlashga undayapti.

Shuningdek,  bundan buyon fermer xo‘jaliklari reytingini baholash mezonining o‘zgarishi  Xorazm fermerlari uzoq kutgan imkoniyat, deb o‘ylayman. Zero, bizda  yuqori hosilga erishish boshqa viloyatlarga qaraganda ancha ko‘proq mehnat va sarf-xarajat  talab etadi. Chunki bizda yerlarning meliorativ holati yomonroq, ularning katta qismi sho‘rlangan. Shu bois ekin maydonlarining sho‘rini  ketkazish uchun ko‘proq suv va mehnat xarajatlari kerak bo‘ladi.

Shu bois, fermerlar faoliyati tadbirkorlik reytingi orqali baholanib, yuqori reytingdagi fermerlarga kreditning qaytmaslik xavfini sug‘urtalash talabi bekor bo‘lishi, yer solig‘i 3 baravar, kengashga to‘lanadigan badal 2 karra kamaytirilishi biz, Xorazmlik dehqonlarni yangi marralarni zabt etishga undaydi. Paxta va g‘alladan ko‘p hosil olganlarga 25 foizgacha yerida chorva ozuqasi, sabzavot, dukkakli va boshqa ekinlarni almashlab ekishga ruxsat etilishi esa daromadimizning yana-da oshishiga zamin hozirlaydi.

Ha, haqiqatdan ham Xorazm sharoitida yerlarning   katta qismi sho‘rlangan, meliorativ holati yomon, shu sabablarga ko‘ra yerning tabiiy unumdorligi  kamroq, yaʼni uning bonitet balli past hisoblanadi. Mening ekin maydonlarim ham aynan mana shunday  og‘ir toifaga kiradi.

Ko‘p dehqonlar Xorazm viloyatining tabiati injiqligi – issig‘i jazirama, sovug‘i izg‘irin bo‘lishidan nolib yurishadi. Buning ustiga hududdagi suv muammosi yerga urug‘ qadab, yuqori hosil olish imkonini bermasligini aytadi. 1991 yildan beri qishloq xo‘jaligida, 2006 yildan beri esa mustaqil fermerlik bilan shug‘ullanib kelyapman.

Men nolishni yomon ko‘raman. Undan ko‘ra  ko‘proq harakat qilishni, yangilikka intilib, turli tajribalarni sinab ko‘rishni yoqtiraman. Fermerlikning ilk yillaridan boshlab  paxta va g‘alladan eng ko‘p hosil olgan dehqonlardan biri bo‘lishga intilganman. Biroq har qancha harakat va 

mehnat  qilsam ham moddiy-texnik baza yetishmasligi tufayli   fermerlikning dastlabki yillarida hosildorlikni oshira olmadim.

Ammo oxirgi yillarda davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan  imtiyoz va qulayliklardan to‘g‘ri foydalanib, eng zamonaviy texnikalarni sotib oldim. Faoliyatimga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etib, yomg‘irlatib, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini qo‘llab, hosildorlikni bir necha baravar oshirdim.

Yaqinda hayotimda unutib bo‘lmas o‘ta quvonchli voqea yuz berdi. Davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qatnashish va erishgan natijalarim haqida u kishiga so‘zlab berish  baxtiga musharraf bo‘ldim. Prezidentimiz Xorazm viloyatining og‘ir sharoitida  paxta va g‘alladan yuqori hosil olayotganligim haqida eshitib mamnun bo‘ldilar va meni  “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladilar.

 Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilgan yuksak eʼtirof  g‘ayratimga g‘ayrat, shijoatimga shijoat qo‘shdi. Ko‘ksimni bezab turgan orden esa bildirilgan ishonch namunasi bo‘lib, zimmamga yana-da katta masʼuliyatlar yukladi. Shuningdek, videoselektorda davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jaligi sohasini yana-da taraqqiy ettirish bo‘yicha takliflari, fidoyi fermerlarga hosildorlikni oshirishi uchun bundan ham katta imkoniyatlar taqdim etadigan tashabbuslarini eshitib, ikki karra mamnun bo‘ldim.

Yana bevosita dehqonchilik  faoliyatim haqida gapiradigan bo‘lsam, bunday og‘ir sharoitda  yerning dardini to‘g‘ri  anglab,  shunga  yarasha muomala qilmasang, u bilan tillashmasang, yaxshi hosilga hech qachon erisha olmaysan. Men ekin maydonlarimning unumdorligini oshirish uchun kartalarni lazer yordamida tekislash va sho‘rni o‘z vaqtida va meʼyorida yuvish ishiga juda katta eʼtibor beraman.

Masalan, hosildorlik yana-da yuqori bo‘lishi uchun fermer xo‘jaligi yerlari lazerli apparat yordamida tekislandi. Bunda oldingi  anʼanaviy usullarga qaraganda yerni deyarli ideal darajada  tekislash mumkin bo‘ladi.  Natijada sifatli tekislangan ekin maydonlarini sug‘orishda 50 foizgacha suvni tejash mumkinki,  buning ahamiyati juda katta. Ekin maydonlarining boshlanish qismida suvning ko‘p sarflanishi, egatlarning oxiriga suv meʼyordan kam borishi, kartalarning notekis  joylarida suv ko‘llanib qolishi kabi salbiy holatlarga barham  beriladi 

Yerning sho‘rini yuvish dehqonchilikda zargarona mehnatga teng, deb o‘ylayman. Chunki bu o‘ta nozik va murakkab ishni o‘z vaqtida va yerning holatiga mos keladigan darajada suv berish  talab etiladi. Buning uchun bu ishni biz hech kimga ishonmaymiz. Va, albatta,  butun oila aʼzolarimiz kechayu-kunduz bu jarayonning ichida bo‘lamiz. Mana shundagina yerning sho‘rini to‘la yuvish va  bu orqali tuproq unumdorpligini oshirish mumkin  bo‘ladi.

Konturlarning yiriklashtirilishi qishloq  xo‘jaligi texnikasi mehnat unumdorligini sezilarli darajada oshiradi. Bunga ham alohida eʼtibor beramiz.

Menda mineral o‘g‘itlar bilan mahalliy o‘g‘itlarni qo‘shib yerni oziqlantirishi hamda sug‘orishni sharbat usulida o‘tkazish gektaridan 20-30 sentner qo‘shimcha hosil olish imkoniyatini bermoqda. Buning natijasida fermer xo‘jaligi o‘tgan yilning o‘zida paxtadan 56, g‘alladan 112 sentnerdan hosil ko‘tarishga erishdi. 

Paxta va g‘alladan bunday hosildorlikka erishish Xorazm sharoitidagina emas, mamlakatimizda ham juda yuksak natija hisoblanadi.

Dehqon xo‘jaligimizda yo‘lga qo‘yilgan yomg‘irlatib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi yo‘lga qo‘yilgan,  ekin maydoni atrofidan unumli foydalanish uchun daraxtlar ekkanmiz.

Dehqonchilikda har bir ishni o‘z vaqtida qilish juda muhim. Urug‘ni yerga qadash, sug‘orish, oziqlantirish o‘z vaqtida bo‘lmasa, kutilgan natijaga erishish imkonsiz. Xalqimiz “Vaqting ketdi — naqding ketdi” degan gapni shuning uchun aytgan, deb o‘ylayman.

Har yili ob-havo turlicha keladi. Dehqonda ayni shu sanada chigit qadab, mana bu sanada hosilni yig‘ib olasan, degan qatʼiy tartib yo‘q. Fermer sohadagi bilimi, shaxsiy tajribasiga tayanib, muddatlarni to‘g‘ri tanlay bilishi zarur.

Ekinlar hosildor, turli kasalliklarga chidamli bo‘lishi urug‘ naviga ham bog‘liq. O‘tgan yili tajriba tariqasida 60 gektar paxta maydoniga mahalliy navlar bilan birga Xitoy navlarini ham ekkan edik. Xitoy chigiti hasharotdan kamroq zararlanganini aniqladik.

Tajribani davom ettirgan holda bu yil yana ikki xil paxta navini ekib ko‘ryapmiz. Turli tajribalarni sinab ko‘rish qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga foyda keltiradi. Hosildorlik yildan yilga ortishiga xizmat qiladi.

Innovatsion texnologiyalar, yangi tajribalarni qo‘llab, hosil va daromadini oshirishi uchun fermerlarga barcha kerakli shart-sharoitlar yaratilgan. Bunday imkoniyatdan, albatta, biz — dehqonlar unumli foydalanib qolishimiz zarur. Nasib bo‘lsa, bu yil davlatimiz rahbari ishonchini oqlab, nafaqat g‘alla va paxta xirmonini kattalashtirish, balki agrar sohada yangi marralarni zabt etishni o‘z oldimga birlamchi maqsad qilib qo‘yganman.

Ishimizning yana bir jihatiga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Amalga oshirayotgan ishidan yuqori natijaga erishish hamisha insondan halollik, sabr,  bardosh, mashaqqat va qatʼiy tartib-intizomni talab etadi.  “Sultonboy Xonimjon” fermer xo‘jaligi aynan ana shu fazilatlarni o‘ziga qoida qilib olgan. Bunday qoidalarga rioya qilib ishlashning esa  yuksak natijalarga erishishimizda alohida ahamiyati bor.

Asosiy tarmoqlarimiz  paxta va g‘allachilik hisoblanadi. Ekin maydonlarimizning asosiy qismi shu ikki ekin bilan band.

Lekin ulardan tashqari,  chorvachilik, sabzavotchilik, bog‘dorchilik bilan ham shug‘ullanamiz.  Masalan, 50 dan ziyod qoramolimiz bor va  ularni yana-da ko‘paytirmoqchimiz. 2 gektar yerda bog‘ yaratdik. Unda  800 tupdan ziyod mevali daraxtlar ekilgan  va  ular hosil bermoqda.

Eʼtibor bergan bo‘lsangiz, faoliyat sohalarimiz bir-birini to‘ldiradigan shaklda tanlab olingan. Masalan, og‘irligi bo‘yicha  g‘alla bilan deyarli teng miqdorda uning somoni bo‘ladi. Bu esa qoramol uchun ozuqadir.Sabzavotlarning poyasi ham hayvonga ovqat sifatida ishlatiladi.

Xullas, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida sohalar to‘g‘ri tanlab olinsa, bu daromadning sezilarli darajada oshishiga asos bo‘ladi.

Yuqorida  aytdimki,  fermer xo‘jaligida  28 nafar doimiy ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, yil davomida  yana 100 ta odamni  mavsumiy ishlarga jalb qilamiz.

Xodimlarga oyiga o‘rtacha 3 million so‘m atrofida  maosh beriladi. Mehnati natijasiga qarab, bundan ancha ortiq ish haqi olayotganlar ham ko‘p.

Bundan tashqari, fermer xo‘jaligidan ishlayotgan xodimlarga o‘zimizda  yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan doimiy ravishda berib boriladi.

Biz o‘zimiz yashab turgan mahallada 5 nafar oilani qaramog‘imizga olganmiz. Ular farzandlarining kiyim-kechagi, oziq-ovqatiga yordam berib kelamiz.

Bundan tashqari,  fermer xo‘jaligi tomonidan har yili  ijtimoiy himoyaga  muxtoj oilalardan bir nechtasiga qoramol beriladi. Mahalladagi saxovat ishlarida hamisha fuqarolar yig‘ini raislariga ham ko‘mak beramiz.

Raqamlar bilan aytadigan bo‘lsak, fermer xo‘jaligi 2024  yil daromadi hisobidan 20 million so‘mdan ortiq homiylik mablag‘larini kam taʼminlangan oilalarning bolalariga maktab kiyimlari va o‘quv qurollari olishlariga,  xonadonlarni taʼmirlashga, keksalarni salomatligini tiklash maqsadida sihatgohlarga yo‘llanma olish uchun sarfladi. Shuningdek, mahalla yig‘inlarida, o‘quv maskanlarida fermerlik harakatiga doir targ‘ibot ishlarida faol ishtirok etib keladi.

Kelgusida chorvachilikni yana-da rivojlantirish, sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash manbaalarini yaratishni reja qilyapmiz. Fermer xo‘jaligida hozirda mavjud bo‘lgan 15 bosh simmental zotli sigirlar sonini kelajakda yana-da ko‘paytirib,   aholiga toza va sifatli sut mahsulotlarini yetkazib berish choralarini ko‘ryapmiz.

Negaki, simmental zotli sigilarning mahsuldorligi va  daromadlik darajasi  juda yuqori. Mazkur  zotli qoramollar Shveysariya, Italiya, Fransiya, Avstriya, Bolqon mamlakatlarida keng tarqalgan. Ulardan olingan birinchi avlod duragay mollar yuqori o‘sish quvvatiga ega bo‘lib, ona zotli mollarga nisbatan tirik vazni yuqori hamda go‘sht nimtalari kam yog‘li bo‘ladi. Simmental zotli sigirlar yirik, yangi tug‘ilgan buzoqlarning vazni 35-45 kg, 6 oyligida 190-200 kg vaznga ega bo‘ladi. 

Sigirlar vazni 550-600 kg, bukalar vazni 850-1000 kg ga yetadi. Mollar bo‘rdoqiga qo‘yilganda tez semiradi va yukori sifatli go‘sht beradi. Yosh mollar jadal parvarishlashda va bo‘rdoqiga boqishda kuniga o‘rtacha 800-1100 grammdan semiradi.

Mazkur zotli qoramollarning sut mahsuldorligi ham yuqori. Ularni oziqlantirish meʼyorlariga qatʼiy rioya qilib boqilsa,      kuniga  har biridan  o‘rtacha  28-30 litrdan, bir laktatsiya davrida  9-10 tonnadan sut sog‘ib olish mumkin.

Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoitlar bizni yangi loyihalar ustida ish olib borishimizga rag‘bat bermoqda. Odamlarni ish bilan taʼminlash, sharoitini yaxshilash har bir tadbirkorning davlat va jamiyat oldidagi vazifasi, deb o‘ylayman.