Tizimda navbatdagi tayinlovlar amalga oshirildi
Aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerak?
Aholini ro‘yxatga olish aholi soni, jinsi va yosh tarkibi, yashash sharoiti va migratsiyasining to‘liq tasvirini shakllantiradi. BMT aholini kamida 10 yilda bir marta ro‘yxatga olishni tavsiya qiladi va aholini ro‘yxatga olish milliy siyosatni ishlab chiqish va rejalashtirish, shuningdek, mamlakat rivojlanishini kuzatish uchun asosiy axborotlarni taqdim etishini ta’kidlaydi. Aholining turar joy, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar, ijtimoiy xizmatlar, ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojiga doir O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan axborotni aholi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar asosidagina aniqlash mumkin. Aholini ro‘yxatga olish haqiqatda yashayotgan aholi to‘g‘risida nafaqat butun mamlakat bo‘ylab, balki mintaqalar kesimida ham ma’lumot beradi. Aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar turli ma’muriy manbalarda va davlat idoralarining ma’lumotlar bazalarida mavjud, biroq ularning barchasida axborot to‘liq emas.
Aholini ro‘yxatga olish boshqa mamlakatlarda
AQShda aholini ro‘yxatga olish har bir shtatdagi hududlar chegaralarini yangilab, hukumatga budjetni rejalashtirishda qaysi sohalarga ko‘proq mablag‘ ajratish kerakligini tushunishga yordam berdi. AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, har bir fuqaro aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etishi shart. Mamlakat 72 yil davomida ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlab kelmoqda. Germaniyada aholini ro‘yxatga olish aholi to‘g‘risidagi demografik ma’lumotlarni yangilash va odamlarning yashash sharoitlari haqida ko‘proq ma’lumot olish maqsadida o‘tkaziladi. Oxirgi aholini ro‘yxatga olish 2021-yilda o‘tkazilgan. Ushbu protsedura mamlakat fuqarolari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun majburiydir. Qozog‘istonda mustaqillik davrida aholini ro‘yxatga olish uch marta (1999, 2009 va 2021-yillarda) o‘tkazilgan.
Aholini ro‘yxatga olish O‘zbekistonga qanday foyda keltiradi?
Masalan, maktab yoshidagi bolalar soni haqidagi ma’lumotlar maktab qurish bo‘yicha rejalarni muvofiqlashtirishga yordam beradi. Hududlar kesimida qayerda va qaysi sohada yangi ish o‘rinlariga ehtiyoj mavjudligi, qanday mutaxassislar kerakligini bilish uchun ishsizlar soni va ularning malaka darajasini bilish lozim. Favqulodda vaziyatlarda FVV xodimlari, shuningdek, shifokorlar aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari asosida zarur yordam ko‘lamini belgilaydi. Aholini ro‘yxatga olish tadbirkorlik rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Aholi soni va daromadi, uning turar-joyga bo‘lgan ehtiyoji to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgan holda, masalan, maishiy texnika ishlab chiqaradigan korxonalar ishlab chiqarish hajmini prognoz qilishlari mumkin, ularni import qiluvchi kompaniyalar esa xaridlarni rejalashtirishlari va zararni minimallashtirishlari mumkin. Aholini ro‘yxatga olish makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni kelgusi 10−20 yillik davrga prognoz qilish uchun ham zarur. Statistik ma’lumotlar manzilli dasturlarni ishlab chiqish, fuqarolar salomatligini mustahkamlash, oilalarga moddiy ko‘maklashishda muhim ahamiyatga ega. “Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari davlat maktablari, kutubxonalar, sog‘liqni saqlash markazlari, shuningdek, energiya resurslari va suv ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojni ko‘rsatib beradi.
Aholini ro‘yxatga olish qanday o‘tkaziladi?
Aholini ro‘yxatga olish uch bosqichda o‘tkaziladi. Birinchisi — tayyorgarlik bosqichi. U 2020-yilda boshlangan va uch yildan ortiq davom etmasligi kerak. Ikkinchi bosqich — to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumotlarni yig‘ish va tekshirish. Bu ish taxminan ikki oy davom etadi. Uchinchi bosqich — axborot tahlili, bu bir-ikki yil vaqt talab etiladi. Ma’lumotlar qayta ishlanadi, maxsus dasturda tizimlashtiriladi, tahlil qilinadi va jamoatchilikka taqdim etiladi.