Tizimda navbatdagi tayinlovlar amalga oshirildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonqa tuman sudi 1983 yilda Urganch tumanida tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, maʼlumoti o‘rta-maxsus, oilasidan ajrashgan, 2 nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, Urganch shahar tibbiyot birlashmasi tug‘ruq shifoxonasi reanimatsiya bo‘limi hamshirasi bo‘lib ishlagan G.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 25,168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi1-qismi bilan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sudda Aniqlanishicha G.A. aldash yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, 2023 yil aprel oyining boshlarida fuqaro I.o.ni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Urganch shahridagi shifoxonasida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hamshiralik vazifasiga ishga joylashtirib qo‘yishini, buning uchun yuqori lavozimda ishlovchi tanishiga 2500 AQSH dollari berishi kerakligini aytib aldab, uni pora berishga qiziqtirib, pora berish jinoyatini sodir qilishga dalolat qilib, 2023 yil 20 aprel kuni soat 12:30 larda Urganch shahar tibbiyot birlashmasi tug‘ruq shifoxonasida I.o.dan 1500 AQSH dollari va 5.500.000 so‘m pullarni olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan.
Sudlanuvchi G.A. sudda aybiga to‘la iqrorlik bildirib, aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv ixtiyoriy ravishda tuzilganini, o‘z harakati mohiyatini, uning shartlarini tushunganini, qilmishidan pushaymonligini, yengillik qilishni so‘rab ko‘rsatuv bergan.
Sud G.A.ning aybiga to‘liq iqror va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, oilaviy ahvolini, yagona boquvchiligini va 2 nafar farzandi borligini, ish bo‘yicha zararlar mavjud emasligini, muqaddam sudlanmaganligini inobatga olib hukm qildi.
Sud hukmiga ko‘ra G.A.ga oid jinoyat ishi bo‘yicha aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv tasdiqlandi. G.A. JKning 25,168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga JKning 59-moddasi tartibida o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.